„Sweet Child o' Mine“ („Mening jon bolam“) Guns N' Rosesrok musiqa guruhining Appetite for Destruction nomli debyut albomiga kiritilgan qoʻshiqdir. Qoʻshiq 1988-yilning iyunida albomning uchinchi singli oʻlaroq chiqarilgan. Ashula soʻzlarini guruhning oʻzi yozgan. „Sweet Child o' Mine“ Billboard Hot 100 xit-paradida birinchi pogʻonaga koʻtarildi va guruhning AQSh xit-paradlarida 1-pogʻonaga koʻtarilgan ilk va yagona ashulasiga aylandi.[6] Qoʻshiq 1989-yili qayta chiqarilib, UK Singles Chart xit-paradida 6-pogʻonaga koʻtarilgan.[7]
Qoʻshiq klipiga Nigel Dick rejissorlik qilgan boʻlib, u California shtatining Huntington Park shahrida olingan. Unda guruh aʼzolarining Mendiola raqs zalida repetitsiya qilishayotgani tasvirlangan. Shuningdek, klipda guruh aʼzolarining oʻsha vaqtdagi mahbubalari ham koʻrsatiladi: Erin Everly (Rosening mahbubasi, The Everly Brothers rok guruhi aʼzosi Don Everlyning qizi), Lame Flames rok guruhi aʼzosi Mandy Brix (McKaganning mahbubasi), Angela Nicoletti (Stradlinning mahbubasi), Cheryl Swiderski (Adlerning mahbubasi) va Sally McLaughlin (Slashning mahbubasi). Klipda Stradlinning iti ham koʻrsatilgan.
Rose 2006-yilning mayida Eddie Trunkga bergan intervyusida aytadiki, qoʻshiq klipi gʻoyasi avvalboshda giyohvand moddalar savdosiga qaratilgan boʻlgan. Biroq, bu gʻoya Geffen Records leybli tomonidan rad etilgan.
Qoʻshiqdan 1988-yilda chiqarilgan Bad Dreams („Yomon tushlar“) nomli dahshatli filmda foydalanilgan. Bundan tashqari, ashuladan 2022-yil 18-aprelda ommaga havola etilgan Thor: Love and Thunder („Thor: Sevgi va yashin“) filmi tizer treylerida ham foydalanilgandir.[8]